Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi

Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi


Memorial muzeyi o‘zbek kompozitori va dirijeri, Toshkent Davlat Konservatoriyasi professori, Xalq artisti, davlat va xalqaro mukofotlar sovrindori, jamoat arbobi va ma’rifatparvar Muxtor Ashrafiyning (1912-1975 yy.) ko‘pqirrali dunyosi bilan tanishtiradi.
Muzey kompozitor o‘zining buyuk asarlarini yaratgan Toshkentdagi xonadonida 1976 yili tashkil etilgan.
Muzey fondi asosini kompozitorning oilasi, hamkasblari va shogirdlari taqdim etgan 16 mingdan ortiq eksponatlardan iborat kompozitorlik va dirijyorlikka oid keng arxividan iborat bo‘ladi.
Arxiv hujjatlari nafaqat kompozitorning hayot va ijod yo‘li, balki respublikaning musiqa san’ati taraqqiyoti haqida ham hikoya qiladi.
Doimiy ravishda o‘tkazilayotgan ekskursiyalar davomida muzey mehmonlari M.Ashrafiyning respublika madaniyatining turli sohalaridagi faoliyatining aks ettiruvchi fotosuratlar, afishalar, dasturlar, xatlar va yodgorliklar bilan tanishadilar. Konsert zalida madaniyat va san’at arboblari bilan ko‘plab ijodiy uchrashuvlar, yubiley va xotira kechalari, badiiy ko‘rgazmalar va konsertlar o‘tkazilmoqda.
Memorialning birinchi zalida M.Ashrafiyning 1912 yildan 1945 yilgacha bo‘lgan dastlabki hayot-faoliyatini o‘z ichiga oluvchi turli eksponatlar joylashtirilgan. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan oilaviy ashyolar va kompozitorning bolaligi va yoshligi o‘tgan Buxoro shahridagi ota-ona maketi qo‘yilgan.
So‘ngra muzey ishqibozlari ko‘z oldida mashhur kompozitor va dirijyorning shakllanish tarixi namoyon bo‘ladi. Ko‘pgina teatr afishalari, konsert dasturlari va fotosuratlarda Muxtor Ashrafiyning bu davrdagi ijodiy aloqalari ko‘rsatilgan.
M.Ashrafiyning o‘zbek davlat opera va balet teatridagi direktorlik, badiiy rahbarlik va bosh dirijyor mansablaridagi musiqiy teatr faoliyati alohida e’tiborga sazovor (1967 yildan Alisher Navoiy nomidagi DAKT). Ekspozitsiyada o‘sha davrlardagi spektakllarni sahnalashtirish bilan bog‘liq ko‘plab hujjatlar mavjud.
Ikkinchi zalda Leningrad davlat konservatoriyasi qoshidagi opera studiyasining, shuningdek, M.Ashrafiy rahbarligidagi J.Bizening “Karmen” va Dj.Verdining “Aida” operalarini ijrosi bilan bog‘liq repertuar planlar taqdim etilgan.
XX asrning 50-yillarida dirijyorning Boltiqbo‘yi, Ukraina, Kavkaz, O‘rta Osiyo respublikalari va Moskvadagi O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasida simfonik orkestr bilan faol ishtiroki aks ettirilgan gastrol faoliyati namoyish etiladi, u joylarda davlat mukofoti bilan taqdirlangan uning “Baxt haqida qo‘shiq” yangi kontatasi ijro etilgan edi.
Uchinchi zalda M.Ashrafiyning tig‘iz tashkilotchilik va dirijyorlik faoliyati haqida hikoya qilinadi, lekin uning o‘zi ham bu paytlarda musiqa yozishdan to‘xtamadi. Tomoshabinlar A.Navoiyning “Sab’ai sayyor” asari syujeti asosidagi “Dilorom” operasini (1958 y.) yaratish tarixi bilan tanishishlari mumkin, bu asar M.Ashrafiy ijodidagi yangi bosqichni belgilab berdi va respublika musiqiy hayotida muhim voqea bo‘lib qoldi.
Ekspozitsiyada 1950-1960 yillarda yaratilgan nota nashrlari, “Vatanim tongi”, “Temur Malik”, “Og‘ir kunlarda” simfonik poemalarining mualliflik qo‘lyozmalaridan parchalar namoyish etiladi.
Kompozitor ijodining cho‘qqilaridan biri bo‘lgan “Sevgi tumori” baletini sahnalashtirish bilan bog‘liq eksponatlar alohida e’tiborni tortadi.
To‘rtinchi zalda tomoshabinlar Alisher Navoiy nomidagi DAKT kompozitori va dirijyori M.Ashrafiyning 1960-1970 yillarda yaratgan opera va balet spektakllari bilan tanishadi. “Zaynab va Omon”, “Maysaraning ishlari”, “Qorong‘udan yorug‘likka”, “Yoriltosh”, “Oynisa”, “Orzu”, “Maskarad” operalari ana shu davrlarda yaratilgan asarlardir.
1967 yili A.Xachaturyanning “Spartak” baletini muallifning shaxsan ishtirokida sahnalashtirishi M.Ashrafiy hayotida muhim voqea bo‘lib qoldi, boshqa tomondan ularni uzoq yillar davomida do‘stlik rishtalari bog‘lab turar edi.
Ekspozitsiyada B.Qorieva va V.Vasilev ishtirokidagi “Temur Malik” va “Sevgi va qilich” balet-spektakli ustida olib borilgan ishlarning har bir bosqichi aks ettirilgan.
Beshinchi zal hayotining 30 yilini respublika uchun musiqachi kadrlar yetkazib berishga bag‘ishlangan kompozitorning pedagogik va jamoatchilik ishlari bilan tanishtiradi. Musiqa madaniyatimizning R.Glier, Yu.Tyumen, G.Ginzburg singari mashhur arboblarining kompozitor haqidagi fikrlari yozib qo‘yilgan, M.Ashrafiyning opera studiyasi yosh qo‘shiqchilari bilan fotosuratlari qo‘yilgan. Tomoshabinlar M.Ashrafiyning respublika va xorijda mashhur bo‘lib ketgan D.Abdurahmonova, A.Abduqayumov, G.To‘laganov, E.Toshmatov, X.Shamsutdinov, F.Yakubjanov, K.Usmanov singari shogirdlarining fotosuratlarini ko‘rishi mumkin.
U zalda o‘zbek shoiri Furqatning taqdiridan hikoya qiluvchi kompozitorning suyukli asari “Shoirning yuragi” operasini yaratishga bag‘ishlangan eksponatlar guruhi joylashtirilgan.
Oltinchi zal – bu kompozitor M.Ashrafiyning ijodxonasi. Hozirgi paytgacha unga hech qanday o‘zgartirish kiritilmadi, kompozitorning ko‘pqirrali ijodiy ish vaziyati saqlab qolindi. Xonada yozuv stoli, pianino bor. Devorda N.A.Rismkiy-Korsakovning portreti, kompozitorning hayoti va ijodiy faoliyati chambarchas bog‘liq bo‘lgan hamkorlar va do‘stlarining fotosuratlari osib qo‘yilgan. Kitob javoniga tarix, falsafa, musiqa bo‘yicha kitoblar, so‘rovnoma va ensiklopediya nashrlari, badiiy adabiyotlar, xorijiy tildagi kitoblar, nota qo‘lyozmalari terib qo‘yilgan. Stolchaga Muxtor Ashrafovich hayotining so‘nggi yillarida foydalangan ashyolar terib qo‘yilgan. Eng muhimi bu yerda ijodxona eksponati, ya’ni genius ioci – joy ruhi. Sizlarni ana shu muhitdan nafas olishga chorlaymiz!
Kamera musiqasi saloni – binoning quyi qavatida joylashgan. Yog‘ochdan yasalgan va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan o‘zbek xalq musiqa asboblari xonaning qimmatli ashyolari hisoblanadi. Bularni M.Ashrafiyga usta A.Abdullaev sovg‘a qilgan edi.
Salonda qarindoshlar, do‘stlar, hamkasblar, poytaxtdagi musiqa o‘quv yurtlari o‘quvchi va talabalari kamer konsertlari, master-klasslar, kinolentalari tomoshasi, xotira kechalariga yig‘iladilar.
Muxtor Ashrafiy butun hayotini Markaziy Osiyoning yangi musiqa madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishladi. Bugungi kunda ham kompozitor opera va balet spektakllari uchun yaratgan ajoyib musiqalari respublika va xorijiy sahnalarda jaranglamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, M.Ashrafiy davlat memorial muzeyi hayotida yangi taraqqiyot ufqlari namoyon bo‘ldi. Hozirgi paytda u haqli ravishda mamlakatimiz yoshlarini ma’naviy-axloqiy tarbiya markaziga aylanib qoldi.
XXI asrda ham memorial muzeyning ko‘pqirrali ma’rifiy ishlari yosh avlodning ma’naviy olamini boyitadi, yoshlarda milliy an’analarga, o‘zbek klassik musiqasining buyuk vakili hisoblangan Muxtor Ashrafiy singari o‘zbek xalqining shonli o‘g‘lonlari ijodiy merosiga chuqur hurmat shakllantirib boraveradi.

Yaqin kundagi tadbirlar

  • Bu yerda tadbir yo'q
  • 5D3A4202 5D3A4212 5D3A4269 5D3A4287 5D3A4293 5D3A4311

    Suratlar
    Yangilik va maqolalar

    Leave a Comment